Namanganda 4-R112-Farg‘ona halqa yo‘li orqali viloyatda epizootik va epidemik vaziyat buzilishiga sabab bo‘luvchi mahsulotlar olib kirilayotganligi aniqlandi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB matbuot markazi ma’lum qildi.
Shu bois barcha kirish avtomobil yo‘llarida monitoring tartibida veterinariya nazorati o‘rnatilishi maqsadga muvofiq deb topildi. Viloyat IIB va veterinariya boshqarmalari tashabbusi bilan Namangan tumanining Qorako‘l qishlog‘ida qo‘shni viloyatlardan tegishli hujjatlarsiz, veterinariya nazoratini chetlab oziq-ovqat va chorvachilik mahsulotlari kirib kelishi va chiqib ketishini nazorat qilish maqsadida “Karantin nazorati” markazi tashkil etildi.
“Karantin nazorati” maskanida go‘sht, sut, tuxum, baliq mahsulotlarining iste’mol uchun yaroqliligini aniqlovchi laboratoriya mavjud. Yo‘lga qo‘yilgan xizmatlar orqali mahsulotlarni olib keluvchi tadbirkorlarga qulaylik yaratish, vaqtini olmaslik, sifatsiz mahsulotlarni joyida aniqlab, viloyat hududiga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik va belgilangan tartibda yo‘q qilish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)