Tashqi savdo vazirligida Xalqaro valyuta jamg‘armasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida vazirlik vakillari XVJ delegatsiyasini mamlakatda iqtisodiyotni liberallashtirish va diversifikatsiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xabardor qildi. Vazirlik hamkor tashkilotlar bilan birgalikda xalqaro savdo operatsiyalarini bajarishda xaridor va sotuvchilar o‘rtasidagi aloqalarni osonlashtirishga yordam beradigan elektron savdo maydonini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani ta’kidlandi.
XVJ delegatsiyasi O‘zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga soluvchi shartlarni soddalashtirish, mahalliy va xorijiy biznes uchun teng sharoitlarni vujudga keltirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuksak baho berdi.
Uchrashuvda 2017-yil yakunlari bo‘yicha mamlakatning asosiy savdo sheriklari bilan eksport hajmi salmoqli darajada oshgani, unda xomashyo eksporti ulushi kamaygani qayd etildi.
Izoh (0)