O‘zbekistonning yana uch xalqaro aeroporti — Andijon, Nukus va Navoiyda “ochiq osmon” tartibi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining aviachiptalar narxini maqbullashtirish, yangi reyslar ochish, parvozlar yo‘nalishi va yo‘lovchilarni tranzit tashish imkoniyatini kengaytirish borasidagi sustkashligi tanqid ostiga olindi.
“Shu sababli minglab o‘zbekistonliklar xorijga parvozlarni qo‘shni davlatlar orqali amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda”, dedi davlat rahbari.
Aviakompaniyaga marketing va aviachiptalar sotishning zamonaviy mexanizmlari, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida foydalaniladigan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini joriy etish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning fevral oyida qabul qilingan “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Qarshi” aeroportini “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tarkibidan chiqarish ko‘zda tutilgandi.
Izoh (0)