O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qizi Shahnoza Shavkatovna Mirziyoyeva Maktabgacha ta’lim vazirligining Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlamoqda. Bu haqda vazirlikning yangi ishga tushgan MDO.uz saytida axborot berilgan.

Shahnoza Mirziyoyeva va vazirlik rahbari Agrippina Shin 19-dekabrdagi videoselektor yig‘ilishida.
Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Shahnoza Shavkatovna boshqarmada Yelena Tenning o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bormoqda. Mazkur boshqarma davlat, nodavlat va muqobil ko‘rinishdagi bolalar bog‘chalari faoliyatini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

Skrinshot: “MDO.uz”

Vazirlik sayti dastlabki sinov bosqichida rus tilida ishga tushgan bo‘lib, yaqin vaqt ichida saytning o‘zbek tilidagi muqobili ham to‘liq quvvat bilan ish boshlashi kutilmoqda.

Saytda vazirlikning tashkiliy tuzilmasi, rahbar shaxslari, shuningdek, maktabgacha ta’lim sohasidagi so‘nggi yangiliklar haqida axborot berilgan.

Ma’lumot uchun, Shahnoza Mirziyoyeva Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja qizidir.

Shahnoza Mirziyoyeva — o‘ngdan birinchi; 2016-yil, 4-dekabr.
Foto: Reuters

O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-sentabrdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Agrippina Shin vazirlik rahbari etib tayinlangan.

Vazirlikning asosiy vazifalari etib O‘zbekistonda o‘zaro raqobatdosh davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini yaratish orqali bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olinish hajmini oshirish, shuningdek, amaliyotga maktabgacha ta’lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil vositalarini joriy etishdir.

Foto: Facebook / @mtv.gov.uz

Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalar va metodlar yordamida rahbarlar va pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash, shuningdek, bolalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun munosib sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan. Vazirlik bu yo‘lda Janubiy Koreya tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etishni rejalashtirmoqda.