Rus tilshunosi, fan populyarizatori Aleksandr Piperskining “Til yasash. Esperantodan dotrakigacha” kitobida nemis adabiy tilining shakllanishiga bag‘ishlangan bobni o‘qir ekanman, bir jihatga e’tibor qaratdim: o‘zbek tilida XIX asr oxiri — XX asr boshida ro‘y bergan va qisman bugungi kunda davom etayotgan ayrim jarayonlar mohiyatan universaliyalar bo‘lib, ko‘pgina tillar tarixida uchraydi.

Hali XIX asrning ikkinchi yarmigacha yagona nemis millati ham, davlati ham, shundan kelib chiqqan holda, tili ham mavjud emas edi, zero, amerikalik-nemis-yahudiy germanisti Maks Vaynrayx aytganidek, “Til bu armiya va flotga ega dialektdir”. O‘nlab german qabilalari bir-biriga yaqin hududda joylashgani nemis tilining shakllanishi uchun zamin yaratdi. Agar ular turkiy qabilalar singari geografik jihatdan tarqalib ketganida, bugun sakson, alleman, bavar, tyuring, shvab, frank tillari yuzaga kelgan bo‘lar edi balki. Ingliz, golland, flamand, friz, norsk, dat, shved, norn tillari mana shu german kontiniumidan ajralib chiqqan tillarga misol bo‘la oladi.

Nemis davlatlari. Foto: Wikipedia

Hozirgi Germaniya va germanlar yashaydigan boshqa hududlarda ham aslida reformatsiya davriga qadar shunaqa xilma-xillik hukm surib kelayotgan edi. Praga devonxonasi tili, Vena devonxonasi tili, Meysen devonxonasi tili bir-biridan jiddiy farq qilardi. Nemis davlatlarining soni maksimal tarqoqlik davrida 51 taga yetgan edi. Shularning ko‘pchiligi Otto fon Bismark davrida Prussiya atrofida birlashdi, faqat Avstriya, Shveysariya va Lixtenshteyn alohida davlatligicha qoldi. Qizig‘i, prusslarning asl tili german emas, boltiq guruhiga kiradi. Lekin aynan ular nemis millatiga asos soldi.

Nima bo‘lganda ham, XIV–XVI asrlarda hali alohida davlatlarda yashaydigan allemanlar, shvablar, bavarlar, saksonlar, limburglar o‘zlarini bir-biriga qarindosh, lekin alohida xalqlar hisoblagan. Bugun barchamiz biladigan Deutschland — Germaniya atamasi 1100 yilga oid “Yepiskop Anna qo‘shig‘i” yodgorligida Diutische lant, so‘zma-so‘z tarjima qilganda, “nemis yerlari” shaklida, ya’ni ko‘plikda ishlatilgani ham bejizga emas. Yagona adabiy til va yagona ta’lim bo‘lmagani bois dialektlar bir-biridan uzoqlashib borgan.

Germaniyada barchamizga tanish tuyuladigan bir jarayon davom etayotgandi — nemis tilining barcha regional versiyalari lotin tilining kuchli ta’siri ostida edi. Lotincha so‘zlar yozma tilda tiqilib ketgani sababidan oddiy xalq yozma matnlarni tushunishda qiyinchilikka duch kelardi. Lotin tili ta’sirining asosiy “homiysi” Rim papasi hamda Germaniyaning diniy elitasi edi. Ular nemislarning katolik ekanini ro‘kach qilib, lotin tilining ta’sirini maksimal darajaga olib chiqishgan edi. Bunga qarshi bosh ko‘targan kishi Martin Lyuter bo‘ldi.

Martin Lyuter. Foto: Getty Images

Martin Lyuterni ko‘proq diniy islohotchi va siyosiy kurashchi sifatida tanishadi. U zamonaviy nemis tilining otalaridan biri ekanligini ko‘plar bilmasa kerak. Rim papasi hamda katolik cherkovining madaniy va siyosiy ta’siriga qarshi kurashar ekan, shuning doirasida Martin Lyuter nemis tilini ham lotin tili ta’siridan tozalashga qaror qiladi.

XVI asrgacha Bibliya faqat lotin tilida o‘qilar va o‘qitilar, uni boshqa tillarga tarjima qilish qo‘llab-quvvatlanmas edi. O‘rnatilgan tartib-qoidaga isyon o‘laroq muqaddas kitobni nemis tiliga o‘girishni boshlagan Martin Lyuter ikkita qiyinchilikka duch keldi: birinchidan, shevalar va yozma til versiyalarining tarqoqligi umumtushunarli yagona yozma nemis tili yaratilishini taqozo etadi; ikkinchidan, lotin tilining ulkan ta’siri oqibatida adabiy til xalqqa tushunarsiz bo‘lib qolmoqda, ya’ni tilni “tozalash” lozim.

Martin Lyuter Bibliyasi. Foto: “History.com”

Bu haqda buyuk islohotchi shunday yozadi:

Bu eshaklar (ya’ni Rim papasi tarafdorlari, diniy elita) qilgani kabi lotin harflaridan nemischa qanday gapirish kerakligini so‘ramang. Bu haqda uyda o‘tirgan onalardan, ko‘chada yurgan bolalardan, bozordagi oddiy odamdan so‘rash kerak, ularning og‘ziga qarab, qanday gapirishini ko‘rish va shunday tarjima qilish kerak. Shunda ular suhbat nemis tilida bo‘layotganini tushunadi.

Martin Lyuter bu kurashda g‘alaba qozondi: Germaniyada haligacha o‘nlab bir-birini qiyin tushunadigan tillar (yoki shevalar) bor, ammo ular yagona nemis adabiy tili bilan birlashtirilgan. Bu til lotin tilining ta’siridan qutulgan, o‘z imkoniyatlari hisobidan rivojlanib, jahonning eng boy va muhim xalqaro tillaridan biriga aylangan. Bugun yuz milliondan ortiq odam nemischani ona tili deb biladi, yana millionlab odamlar ikkinchi va uchinchi til sifatida ishlatadi.