Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Kubogining “Bunyodkor” va “Lokomotiv” klublari o‘rtasidagi final o‘yinidan keyin muxlislar maydonga tushib ketdi.
O‘FF qaroriga ko‘ra, final uchrashuviga kirish bepul qilib qo‘yilgandi. Norasmiy manbalarning ma’lumot berishicha, shu kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari finalni ko‘rish uchun olib kelingan. Natijada “Bunyodkor” stadioni muxlislar bilan to‘lgan.
Bellashuvdan so‘ng tashkilotchilar stadionga kelgan muxlislar uchun 3 ming dona to‘pni sovg‘a tariqasida berishni rejalashtirgandi. Ular sektorlarga qarata birma-bir tepilishi ko‘zda tutilgandi. Biroq 30 mingdan ziyod ishqiboz hozir bo‘lgan stadionda tartibsizlik kelib chiqdi. To‘pni kutishga sabri chidamagan muxlislar maydonga yugurib tushib ketdi.
Shu tariqa g‘olib jamoa “Lokomotiv”ga kubokni topshirish marosimi biroz kechikdi. Xavfsizlik ta’minlovchilari to muxlislarni haydab chiqarmagunicha, bu marosim ishtirokchilari kutib turdi. Qayd etish kerak, shu kuni kubokni topshirish uchun OFK prezidenti Shayx Salmon shaxsan tashrif buyurgandi.
Izoh (0)