Forbes Bureau Veritas global kompaniyasi birinchi ayol ijrochi direktori, asli o‘zbekistonlik Natalya Shuman haqida hikoya qiladi.
Natalya Shuman ta’lim olish uchun ona yurti O‘zbekistonni tark etganda 16 yoshda edi. U dunyoga kelgan paytda Sovet Ittifoqining bir qismi bo‘lgan O‘zbekiston dunyoning qolgan mamlakatlari uchun yopiq edi. Biroq Natalya Xitoy va Hindiston ta’sirida turli xil immigrantlar jamiyati bo‘lgan poytaxt Toshkentda dunyoga keldi. Aholi turli qatlamlarining kishilarga bunday ta’siri Natalyada o‘ziga xos taassurot uyg‘otgan. U dunyoning ko‘proq qismini ko‘rish uchun O‘zbekistonni tark etishni istayotganligini anglab yetdi.
Oxirgi intervyularidan birida Natalya Sobiq Ittifoqda kasb faoliyatida ilgarilashning faqat ikki yo‘li: muhandis yoki iqtisodchi bo‘lish ekanligini hikoya qiladi. Natalya Sankt-Peterburg universitetida xalqaro iqtisodiy aloqalar va moliyani o‘rganishga qaror qildi.
Bir necha o‘n yil oldinga nazar tashlasak, Natalya Shimoliy Amerikadagi sinovlar, tekshirishlar o‘tkazish va sanoatni sertifikatlashtirish sohasida dunyoviy yetakchi, daromadi 5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan Bureau Veritas’da birinchi ayol direktor. Forbes jurnalisti Bonni Markus uning g‘aroyib sayohati haqida ko‘proq narsa bilib olishga qaror qildi.
Bonni Markus: O‘zbekistonda ayol kishi sifatida kasbga ega bo‘lishingiz qo‘llab-quvvatlanganmi?
Natalya Shuman: Oilamiz o‘rtacha daromadga ega bo‘lgan oila edi. Otam uchuvchi, onam esa o‘qituvchi edi. Ular har doim karyeramni davom ettirishga undagan. Sovet Ittifoqida qiz bolalar uyda o‘tirish, oilasi va turmush o‘rtoqlariga g‘amxo‘rlik qilishga undalgan. Biroq bizning oilamizda karyeram bo‘lmasligi hech kimning xayoliga kelmagan.
— Demak, sizni oilangiz da’vat qilgan?
— Ha, shunday. Onam nimadadir ustunlikka erishishga e’tibor qaratishni ta’kidlar edi. U har doim menga: “Uyga vazifangizni bajarishga qancha vaqt ketishi muhim emas. Asosiysi — natija. Muhimi, ajoyib natijalar ko‘rsatishingiz kerak”, — der edi. Bu hayot yo‘limda yordam bergan deb o‘ylayman. Yoshligimda bajarishga kirishgan har bir ishda, shuningdek, rahbar sifatidagi karyeramda ishni a’lo darajada bajarishni istardim.
Shuman o‘qishni a’loga tugatdi va bankirlikni tanladi, biroq bank sohasidagi bitta stajirovkadan so‘ng, buni o‘zi uchun zerikarli deb qaror qildi va rekruting sanoatiga o‘tib ketdi.
Shuman: Ishni juda kichik startapdan boshladim. U Sankt-Peterburgdagi birinchi rekruting agentligi bo‘lib, uni ikki amerikalik yosh ayol boshqarar edi. Dastlab ularga ma’mur sifatida qo‘shildim. Ularga rossiyalik nomzodlarni jalb qilishga ko‘maklashdim. O‘shanda talaba bo‘lganligim uchun maosh meni qiziqtirmas edi. Biroq mazkur ikki ayol tufayli Amerika madaniyati haqida yaxshi taassurotga ega bo‘ldim. Prezident Putin o‘shanda Sankt-Peterburg meri edi va u bizning rekruting bo‘yicha litsenziyamizni imzoladi. Uch-to‘rt yildan so‘ng, juda omadli firmaga aylanganimizda rossiyalik mutaxassislarni qabul qilishda ko‘maklashish uchun ko‘plab juda yirik chet el kompaniyalarini jalb qildik. Biz juda mashhur bo‘lib ketdik va Kelly Services e’tiborini tortdik. 1997-yilda ular firmamizni xarid qildi.
KellyServices kompaniyada qolish-qolmasligimni so‘radi, kompaniya qiymati men uchun shunchalik jozibali ediki, unda qolishga qaror qildim. Ular Moskvaga borishimni va u yerda ofis ochishga ko‘maklashishimni so‘rashdi. Keyin Londonga, undan keyin Nyu-Yorkka kelishimni so‘rashdi. Bu juda maroqli edi. O‘sha paytda yolg‘iz edim va bu qiyinchilik tug‘dirmasdi. Ishim ularda yaxshi taassurot uyg‘otdi va imkoniyatlar kelishda davom etdi. Ehtimol eng diqqatga sazovori 2001-yilda Qo‘shma Shtatlarga ko‘chishim bo‘ldi. Ular uchun Nyu-Yorkda startap ofis ochdim.
Markus: Madaniyat borasidagi qiyinchiliklar katta bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Shuman: Mutlaqo haqsiz. Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tganimda juda va juda qiynalganman. Qo‘shimcha ta’lim olishim kerakligini tushunib yetganman. Kelly Services Kolumbiya universitetidagi Executive MBA dasturiga qo‘shilishimga ruxsat bergan.
Bu dasturga 20 oy qatnadim va bu dunyoqarashim, to‘g‘risini aytganda hayotimni ham butunlay o‘zgartirdi. U menga biznesning turli qismlari; biznesni qanday yuritish, yetakchilik nima ekanligi, nima uchun bu yerda ekanligimiz va bu hayotda nimaga erishishga urinayotganligimizni ko‘rsatdi.
Kelly Services’ning muammolarini unchalik ko‘p o‘ylamasdan hal qilganligim karyeramning boshlang‘ich bosqichida menga yordam berganligini tushundim.
Markus: Muvaffaqiyatlaringizga nima sabab bo‘ldi?
Shuman: Maqsadlarim. Nega shu yerda ekanligim. Nega dunyoga kelganligim. Dunyoga ta’sir qilish uchun nima qila olaman. Bular haqiqatan katta yetaklovchilar hisoblanadi.
Markus: Karyerani rivojlantirish va o‘sish uchun boshqa ayollarga eng yaxshi tavsiyangiz.
Shuman: Men uchun bu “Ko‘nikib qolmang”. “Muvaffaqiyatga erishgansiz, biroq ertaga men uchun nima qila olasiz?”
Har bir biznes o‘zingiz kutganingizdan ko‘proq narsaga erishishingizni istaydi. O‘zingizni tanqid qiluvchi linzaga ega bo‘lib, doim o‘zingizni baholab borishingiz kerak deb hisoblayman. Shu tongda budjet yig‘ilishimiz bo‘lib o‘tdi. Uch soat davom etdi, juda ko‘p savollar muhokama qilindi. Yig‘ilish so‘ngida boshlig‘im “O‘z rolingizni qabul qilganligingiz va shu lavozimda ekanligingizdan juda baxtiyorman. Oxirgi olti oydagi muvaffaqiyatingizdan juda mamnunman”, dedi. Albatta, bularni eshitish juda yoqimli edi. Bu mening jamoam, butun ofis, 20 kishi, telefon va video ko‘z o‘ngida edi. Biroq yig‘ilishdan qaytayotib, boshqa uchrashuvga bora turib, “Bundan yaxshiroq nima qila olaman? Nima yaxshi ketmayapti va yanagi safar qanday yaxshilay olaman?” deb o‘ylay boshladim.
Markus: Ayol ekanligingiz sizni ortga tortib turganligini his qilganmisiz?
Shuman: Bu meni ortga tortib turganligini hech qachon his qilmaganman. Chunki bu o‘zingizni qanday tutishingiz va qanday pozitsiyada ekanligingizga bog‘liq. Huquq? Har doim o‘zimni teng huquqli deb hisoblayman. Nima uchun biror narsa faqat erkaklar uchun yoki faqat ayollar uchun bo‘lishi kerak, bu adolatsizlik. Fikrimcha, hamma uchun adolatli imkoniyat bo‘lishi lozim. Men juda ishbilarmon va pragmatik odamman. Ayollar uchun kasbiy ilgarilashda hamon to‘siqlar borligini tushunaman. Biroq hech qachon ularga duch kelmaganligim sababli omadim chopgan deb o‘ylayman.
Izoh (0)