1945-yilda fantast va futurolog Artur Klark “Kosmik stansiya: uni radio uzatish ehtiyojlarida qo‘llanishi” nomli ishini ommaga havola qildi. Unda kosmik apparatlar televizion signallarni uzatishi mumkinligini taxmin qildi, deb yozadi InsiderPro.

Klarkning ishi o‘z davridan ancha ilgarilab ketgan edi — o‘shanda televideniye ilk qadamlarini amalga oshirayotgan edi. 17 yil o‘tib, 1962-yilda Telestar 1 aloqa sun’iy yo‘ldoshi tarixda birinchi bo‘lib Transatlantika televizion signalini uzatdi.

Klark texnik yangiliklar paydo bo‘lishini bashorat qilgan birinchi fantast emasdi, va albatta so‘nggisi ham emas. Ushbu noyob romanlar ular muallifining g‘aroyib ijodiy salohiyati va ziyrakligidan darak beradi.

1888-yil: Kredit kartalari (“Orqaga nazar”, Edvard Bellami)

Foto: InsiderPro

Kitobda: Bellami futuristik utopiyasida maxsus kartalar fuqarolarga markaziy bankdan pullarni kreditga olish imkoniyatini berib, naqd pullarga bo‘lgan ehtiyojni bartaraf etar edi. Juda tanishdek, shunday emasmi?

— Ayollar ham erkaklar kabi kredit kartalariga ega bo‘ladimi?

— Albatta.

— Ayollar kartasi bo‘yicha cheklovlar pastroq bo‘ladi deb umid qilaman, sababi ular oilaviy sharoitlar tufayli tez-tez uzoqlashishga majbur bo‘ladi.

Hayotda: Birinchi ommabop kredit kartasi 1950-yilda Diner’s Club kompaniyasi tomonidan taqdim etildi. 2012-yilda dunyo bo‘yicha ikki milliarddan ortiq faol kredit kartalaridan foydalanilgan. Ular bo‘yicha jami qarzdorlik 1 trillion dollardan ortiq bo‘lgan.

1911-yil: Videoqo‘ng‘iroqlar (“Ralf 124C 41+”, Xyugo Gernsbek)

Foto: InsiderPro

Kitobda: “Telefot” — qahramon Elis 212B423 qor ko‘chkisi tahdidiga duch kelganda yordam chaqirish uchun foydalangan videotelefon. U o‘zidan 6,5 ming kilometr masofada bo‘lgan Ralfga qo‘ng‘iroq qiladi.

Aloqani tiklashga bir necha marta urinishdan so‘ng Ralf telefotni chetga olib qo‘yishga tayyor ekanligida, u yana yonib qoladi. Biroq uning ekranida do‘sti o‘rniga chiroyli qiz ko‘rindi. Butunlay notanish kishining yuzini ko‘rgan qiz hayratga tushdi. Bunga javoban Ralf “Kechirasiz, Markaziy navbatdagi xatoga yo‘l qo‘ygan ko‘rinadi. Operatorga shikoyat qilishimga to‘g‘ri keladi”, — deydi.

Hayotda: Bugun faqatgina WhatsApp orqali har kuni 340 milliondan ortiq videoqo‘ng‘iroq amalga oshiriladi. Bunga Skype, Google Hangouts, Facetime va Facebook Messenger servislari yordamida amalga oshiriladigan videoqo‘ng‘iroqlarni ham qo‘shsak, videomuloqot uchun biz sarflaydigan vaqt astronomik ko‘rsatkichlarga yetadi. Hozirgi avlod oddiy qo‘ng‘iroqlarga qaraganda videoqo‘ng‘iroqlarni ko‘proq amalga oshirish bo‘yicha birinchilikni egallaydi.

1931-yil: Kayfiyatni ko‘taruvchi dorilar (“G‘aroyib yangi dunyo”, Oldos Xaksli)

Foto: InsiderPro

Asarda: “Soma” — hukumat tomonidan aholini nazorat qilish uchun ommaviy tarqatiladigan gallyutsinogen. Fuqarolar dori vositasi “tinchlantiruvchi” ta’sir ko‘rsatishiga ishontirilib, norozilik tuyg‘usini his qilmaslik uchun uni muntazam iste’mol qilish tavsiya qilinadi.

— G‘azablanma, deydi Lenayna. — Yodingda tut: “Soma ichsang — hech qanday drama bo‘lmaydi”.

— Bas qilsang-chi! — deydi Bernard.

Lenayna yelkasini qisib qo‘yadi.

— Urishish va dramadan ko‘ra, yarim gramm yaxshiroq, — deydi u va qadahni o‘zi ichib yuboradi.

Hayotda: “G‘aroyib yangi dunyo” jamiyatidagi narkotiklarga qaramlik AQSh aholisining retsept bilan chiqariladigan dorilarga ehtiyojining oshib borayotganligi bilan qiyoslanadi. Xaksli butun farmatsevtika sohasi taraqqiyot yo‘nalishini bashorat qilgan hisoblanadi. Bundan tashqari, u jamiyatdagi sog‘lom bo‘lish uchun albatta biror-bir dori iste’mol qilish zarur ekanligi haqidagi ongosti tasavvurlarining yuzaga kelishini bashorat qilgan.

1939-yil: Kuzatuv (“1984”, Jorj Oruell)

Foto: InsiderPro

Kitobda: Katta Aka antiutopik konsepsiyasi ilk bor aynan “1984” romanida paydo bo‘lgan. Shundan buyon uning terminologiyasi va muallif nomi turdosh nomlarga aylandi va ular asosiy xususiyatlari umumiy kuzatish, yolg‘on axborot va targ‘ibot bo‘lgan totalitar davlatni tasvirlash uchun qo‘llaniladi. Romanda kishilarning har bir harakati kinokameralar tomonidan kuzatiladi — hukumat tomonidan to‘liq nazorat shaxsiy hayot daxlsizligining har qanday alomatini yo‘qqa chiqaradi.

Instinktga aylangan odat — har bir so‘zingni eshitib turishgani va chiroqni o‘chirguningga qadar har bir harakating kuzatib turilishini anglagan holda yashashga to‘g‘ri kelardi — va sen shu tarzda yashar eding.

Hayotda: 1942-yilda, “1984” romani chiqqandan atigi uch yil o‘tib Germaniyada kinokameralar ilk bor Fau-2 raketasi parvozini monitoring qilish uchun qo‘llanildi. Bugungi kunda kuzatuv odatiy jamoatchilik videomonitoringi chegarasidan ancha chiqib ketgan.

1968-yil: Planshetlar (“Kosmik odisseya 2001”, Artur Klark)

Foto: InsiderPro

Kitobda: Astronavtlar Yer bilan aloqa va kosmik kemalar diagnostikasi uchun “gazeta kompyuterlaridan” foydalangan.

Hayotda: Planshetlar qayerda ixtiro qilingan, ularning ixtirochisi kimlar ekanligi haqida hozirgacha yagona fikr yo‘q. Biroq 2002-yilda do‘konlarda sotuvga chiqqan ilk qurilma HP’ning Microsoft Tablet PC bo‘ldi. Bugun planshetlarning sotuv hajmi stol kompyuterlari va noutbuklarning birgalikdagi sotuv hajmidan oshib ketgan.

1969-yil: Elektromobillar (“Hamma Zanzibarda to‘xtasin”, Jon Branner)

Foto: InsiderPro

Asarda: Branner 2010-yilda Amerika ko‘chalarida elektrik yog‘ilg‘idan quvvat oluvchi avtomobillar yurishi haqida yozadi.

Hayotda: Bugungi masala qachon elektromobillar ko‘chalarda paydo bo‘lishida emas, balki ular benzinda harakatlanuvchi avtomobillardan o‘zib ketishi uchun qancha vaqt talab etilishida. Bu yaqin kelajakda amalga oshadigan ko‘rinadi. Tesla va Volkswagen 2025-yilga kelib elektromobillar ishlab chiqarishni yiliga 1 million donagacha oshirish rejasi haqida ma’lum qilgan.

1972-yil: Bionik a’zolar (“Kiborg”, Martin Keydin, shuningdek, “Olti million dollarlik odam”ning ekranga chiqishi)

Foto: InsiderPro

Kitobda: Halokatdan so‘ng uchuvchi Stiv Ostin oyog‘i, chap qo‘li va ko‘zidan ayriladi. Shifokorlar jamoasi yo‘qotilgan a’zolarni bionik analoglari bilan almashtirib, uni kiborgga (odam va mashina gibridi) aylantiradi.

Hayotda: 1993-yilda mushak saratoni va amputatsiyani boshdan kechirgan Robert Kempbell Eyrd uchun Edinburgdagi (Shotlandiya) Margaret Rouz shifoxonasida bionik qo‘lni ko‘chirib o‘tqazish operatsiyasi amalga oshirildi.

Bugun tadqiqotchilar tayyor inson organlarini yetishtirmoqda.

1984-yil: Jahon o‘rgimchak to‘ri (“Neyromant”, Uilyam Gibson)

Foto: InsiderPro

Asarda: Kiberhudud millionlab kompyuter tomonidan yaratilgan, PAX global tarmog‘i bilan bog‘langan “konsensual gallyutsinatsiya” sifatida tasvirlanadi. Tarmoqqa buzib kirish mumkin.

Hayotda: Bu borada britaniyalik redaktor Endi Uir shunday deydi:

“Ilmiy fantastika ba’zan g‘oyalar adabiyoti deb ataladi. Uilyam Gibsonning ‘Neyromanser’ romani buni ajoyib tarzda aks ettiradi. Qo‘lda yozadigan mashinkada ishlay turib, muallif keyinchalik internetga aylanadigan narsani tasavvur qila olgan”.

Yana nimalarni kutish mumkin?

Foto: InsiderPro

2004-yilda Jeff Rayman “Havo” deb nomlangan romanida 2020-yilga kelib odamlar fikrlash yordamida tarmoqqa chiqa olishini bashorat qilgan. Futurist va ixtirochi Rey Kursveylning fikricha, bu kabi texnologiya yaqin vaqt ichida hayotga tatbiq etiladi. Kursveyl 2030-yilga kelib, inson neokortesini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoq bilan ulovchi nanobotlar paydo bo‘lishini taxmin qiladi. Balki buning ham guvohi bo‘lamiz...