Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev yangi qozoq alifbosi loyihasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni tayyorlashni buyurdi. Bu haqda mamlakat rahbarining matbuot xizmatiga tayanib, “Kommersant” xabar berdi.
“Komissiya o‘z ishini yakunladi. So‘nggi variant chop etildi. Olimlar, tilshunoslar, siyosatchilar, yoshlar, Qozog‘iston xalqi assambleyasi vakillari o‘rtasida yakdillik mavjud. Umuman olganda, jamiyat qo‘llab-quvvatlamoqda”, — dedi u ma’muriyat rahbari Adilbek Jaksibekov va uning birinchi o‘rinbosari Marat Tajin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
Nazarboyev qozoq alifbosini lotin grafikasiga bosqichma-bosqich va tizimli o‘tkazishga e’tibor berish muhimligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, ishchi guruh qozoq tilini lotin grafikasiga o‘tkazish bo‘yicha ishlar sarhisobini prezidentga 9-oktabr kuni taqdim etgandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, lotin grafikasiga o‘tish mamlakat budjetiga 115 million dollarga tushadi.
Izoh (0)