Xorazm viloyati Xiva tumanida yashovchi Shahlo Abdullayeva Urganch shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qildi, deb xabar beradi jamiyat matbuot xizmati.
Arizada qayd etilishicha, u Urganch shahar Al-Xorazmiy ko‘chasida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor Xurshida Latipovaning savdo do‘konidan Samsung Galaxy J2 Prime qo‘l telefonini 1 035 000 (bir million o‘ttiz besh ming) so‘mga xarid qilgan. Xarid qilganiga uch kun bo‘lmasdan yangi telefonning nuqsonlari paydo bo‘la boshlagan. Xaridor do‘kon sotuvchisidan nuqsonli telefonni yangisiga yoki boshqa modeliga almashtirib berishini so‘ragan. Do‘kon sotuvchisidan turli xil qo‘pol gaplar orqali rad javobini olgach, iste’molchi sifatidagi haq-huquqlarini tiklash maqsadida jamiyatga murojaat qilgan.
O‘rganishlar natijasida iste’molchining arizasidagi holat haqiqatligi aniqlandi va jamiyat xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining tegishli moddalari tushuntirilishi natijasida nuqsonli qo‘l telefoni uchun to‘langan pul mablag‘i qaytarib olib berildi.
Izoh (0)