Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya AQSh prezidenti Donald Trampning Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi borasidagi qarorining oqibatlaridan xavotirda.“Biz Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasiga va undagi barcha xalqaro majburiyatlarga sodiqmiz”, — deb “Interfaks” yuqoridagi mamlakatlar bayonotidan parcha keltirdi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh prezidentining Kongress Eronning Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasiga to‘liq rioya qilganligini tasdiqlamasligi borasidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi. “Agarda Eron bilan imzolangan bitim o‘zgartirishsiz qolsa, bir necha yildan so‘ng terrorizmni hammadan ko‘proq qo‘llab-quvvatlovchi davlat yadroviy qurollarga ega bo‘ladi. Bu esa bizning kelajagimiz uchun juda katta xavf tug‘diradi”, — dedi Netanyaxu.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Eron yadroviy bitimi BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyasi bilan mustahkamlanganini, shunday ekan bir tomonlama tartibda undan voz kechish mumkin emasligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp AQSh istalgan vaqtda Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasidan chiqishi mumkinligi, ushbu bitim shunchaki rasmiyatchilik ekanligini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)