Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida 3-oktabrga o‘tar kechasi firmalardan birining binosiga uning oynalarini sindirish yo‘li bilan kirilib, mol-mulk va ko‘p miqdorda pul o‘g‘irlangan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jinoyatchilar binodagi temir seyfni buzib, undagi jami bahosi 9 120 000 so‘mlik mol-mulk hamda 800 AQSh dollari va 11 350 000 so‘m pulni o‘g‘irlagan.
Olib borilgan tergov-tezkor tadbirlar natijasida mazkur jinoyatni Azimjon Mirzajonov, Doniyorbek Tajetdinov va Aleksey Solodov sodir etganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘g‘irlik, ya’ni xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, gumonlanuvchilarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Izoh (0)