1-oktabrda O‘zbekistonda O‘qituvchi va murabbiylar kuni nishonlanadi. “Gazeta.uz” poytaxt maktablaridan birining birinchi sinf o‘qituvchisidan bir kunini daqiqalar bilan tasvirlab berishni so‘radi.
2017-yil 18-sentabr
06:00 — Budilnik jiringlaydi. Ishga otlana boshlayman.
07:30 — Uydan chiqaman.
08:00 — Maktabga yetib keldim. O‘qituvchi formasini kiyib, darsga tayyorgarlik ko‘ra boshlayman.
08:10 — Lineyka. Davlat madhiyasini qo‘yish uchun qurilmani sozlayman. Nega men? Kabinetimda rozetka qulay joylashgan, shuning uchun ovoz kuchaytirgichli magnitafon shu yerdagi deraza tokchasida turadi.
08:15 — Lineykada “Piyodalar xavfsizligi” mavzusida ma’ruza qilaman.
08:25 — Lineyka tugab, o‘quvchilar bilan sinfxonaga yo‘l olamiz. Yo‘l-yo‘lakay o‘qituvchilar xonasidan jurnalni olish kerak. Ota-onalar savollari bilan siquvga oladi. Ularni tinglay turib, darsga tayyorlanishga harakat qilaman.
08:30 — Birinchi darsga qo‘ng‘iroq chalindi. Oquvchilarning darsga tayyorligini tekshiraman. Ko‘rgazma va tarqatma materiallarni tayyorlayman.
08:40 — Dars jarayoniga o‘tamiz.
08:45 — Dars boshlanishga ulgurmasdan, bo‘linadi. Yoshlar tashkilotining vakili kirib, davomatni tekshiradi.
08:50 — Darsni davom ettirishga urinaman.
08:57 — Sinfga “ma’naviyat va ma’rifat” bo‘yicha direktor o‘rinbosari kiradi. Jadvalni yangi shaklda chop etib, sinf eshigiga ilib qo‘yish kerakligini tushuntiradi.
09:07 — Direktor o‘rinbosari ketadi (dars 10 daqiqaga qisqaradi).
09:10 — Yana uch daqiqadan so‘ng qo‘ng‘iroq chalinadi. Kichkina tanaffus. Bolalardan matematika daftarlarini yig‘ib olib, uyga vazifa beraman.
09:15 — Ikkinchi dars boshlanadi. Ertalabki shoshilinchda jinoyat sodir etganim yodimga tushadi — parta va eshik tutqichlarini artish uchun maxsus bankadagi xlor eritmasini almashtirmadim. Uni har dushanba almashtirish kerak. SES kutilmaganda kelib, tekshirishi mumkin. Eritma uchun besh daqiqa sarflayman. Doska va sinfni rus tili darsiga tayyorlayman. Dars boshlanadi va hech qanday hodisalarsiz o‘tadi.
09:55 — Qo‘ng‘iroq chalinadi. Besh daqiqalik tanaffus. O‘quvchilarda tana harorati va boshida parazitlar bor-yo‘qligini qayd etadigan “Filtr” daftarini tezda to‘ldirish kerak. Buni negadir maktab hamshirasi emas, har kuni sinf rahbari bajarishi lozim.
10:00 — Uchinchi dars boshlanadi. O‘qish. Doskani tayyorlayman. Qo‘ng‘iroq chalinishi bilan sinfga yoshlar tashkiloti vakili kiradi. Ikki faol o‘quvchi haqida hokimiyatga topshirish uchun hujjatlar tayyorlash kerak: anketalarni to‘ldirish, suratlarni topish va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalardan nusxa olish. Dars bo‘layotganligi va o‘quvchilarim birinchi sinf ekanligi haqidagi mulohazaga javoban “Yarim soatda topshirish kerak”, degan javob olaman.
10:05 — Yangi mavzuni tezgina tushuntirib, topshiriq beraman. O‘quvchilarning shaxsiy ishlarini olish uchun o‘qituvchilar xonasiga yuguraman.
10:10 — Direktor qabulxonasida ikki o‘quvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasidan nusxa olaman.
10:12 — Sinfxonaga yuguraman (ishqilib, bolalar tinch o‘tirgan bo‘lsin!). Sinfda jimlik. Yaxshi. O‘quvchilar nimalarni bajarganligini tekshiraman.
10:20 — Bolalar alifbedagi suratlar bilan ishlamoqda. Men esa fotosuratlarni izlab, o‘quvchilar anketalarini to‘ldiraman.
10:30 — Va nihoyat, o‘zimni darsga bag‘ishlashim mumkin. Lekin bolalar charchadi. Jismoniy mashqlar vaqti.
10:40 — Qo‘ng‘iroq. Tanaffus. O‘quvchilarga jismoniy tarbiya soatiga kiyimlarini almashtirishga yordam beraman.
10:55 — To‘rtinchi soatga qo‘ng‘iroq chalinadi. O‘quvchilarim yo‘q, lekin boshqa kabinetga o‘taman. Haftada ikki marta tajriba almashish uchun boshqa o‘qituvchilarning darsiga kirishimiz kerak. Bularning barchasi alohida daftarda qayd etiladi.
11:25 — Sinfga qaytaman. O‘quvchilar uyga qaytishga tayyorlanmoqda. Kabinetni tartibga keltiraman. Daftarlarni yig‘ib olaman. Jurnalni to‘ldiraman.
12:00 — O‘quvchilar bilan mashg‘ulotlar bugun men uchun yakunlandi. Bolalar bog‘chasidan qizimni olish uchun yuguraman. U yaqinda bora boshlaganligi uchun kuni bo‘yi u yerda bo‘lishga hali moslashmagan.
12:10 — Qo‘ng‘iroq: “13:00 da — majlis! Qatnashish majburiy!”.
13:00 — Maktabga qaytaman. Qo‘limda uxlayotgan bola bilan o‘qituvchilar majlisida o‘tiraman. Mavzu: “Bolalar va ota-onalar munosabatlaridagi qiyinchiliklar”.
14:30 — Bir yarim soatlik majlis tugaydi. “O‘qituvchi portfoliosi” papkasiga unga qatnashganligim to‘g‘risida yozib qo‘yishni unutmaslik kerak.
15:30 — Va nihoyat uydaman. Tushlik qilib, uy ishlarini qilaman. Biroq ish hali yakunlanmadi.
17:00 — Ertangi dars uchun ko‘rgazmali material chiqarish uchun internet kafega yo‘l olaman.
17:45 — Ertangi kun uchun har bir dars bo‘yicha reja yozaman.
19:00 — Kechki ovqat.
20:00 — To‘garak bo‘yicha rejani ikki nusxada to‘ldiraman. Bittasi ma’muriyatga topshiriladi.
21:00 — Kompyuterda ishlash uchun o‘tiraman. Sinf burchagini bezatishni tugatish, yangi jadvalni chiqarish, daftar muqovalari uchun titul varaqalarini qilish lozim.
22:00 — O‘zim uchun biroz bo‘sh vaqt.
00:00 — Ertangi dars uchun ko‘rgazma va tarqatma material tayyorlayapman. Ma’lumot izlayman. “O‘qituvchi portfoliosi” papkasini to‘ldiraman. Shanba kuni bo‘lib o‘tgan ota-onalar majlisi bayonnomasini oxiriga yetkazaman.
01:25 — Uyqu vaqti bo‘ldi. Uyqu uchun to‘rt yarim soat vaqt qoldi.
Kun davomiyligi — 19 soat 25 daqiqa.
Shaxsiy vaqt — 8 soat.
Ishga bag‘ishlangan vaqt — 11 soat 25 daqiqa.
Yosh: 26.
Lavozim: Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.
Shahar: Toshkent.
Maosh: 950 ming so‘m.
Qahramon o‘z ismini oshkor etishni istamadi.
Izoh (0)