AQShning Nyu-York shahrida futbol boyicha Mustaqillik Kubogi—2017 musobaqasi ikkinchi bor tashkil etildi.
Turnirning ochilish marosimida O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi vitse-konsuli Ulug‘bek Asqarov, Turkiston—Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xo‘ja, Nyu-Yorkda chop etiladigan Bukharian Times gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov hamda musobaqa bosh homiysi Roadtex LTL kompaniyasi direktori Aziz Mamayev ishtirok etdi, deb xabar berdi tashkilotchilardan biri San’at Sharipov.
Musobaqada AQShning olti shtatidan 10 ta jamoa ishtirok etdi. Ular 5 tadan ikki guruhga bo‘lingan holda asosiy sovrin uchun kurash olib bordi. Har bir guruhdan 2 tadan jamoa play-off bosqichiga yo‘llanma oldi.
Turnir finalida Nyu-Yorkning “Paxtakor” hamda Pensilvaniya shtatining “Do‘stlik” jamoalari to‘qnash keldi. Bellashuvda maydon egalari hisoblangan “Paxtakor” jamoasi 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, qatorasiga ikkinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin “Kanzas Siti”ga nasib qildi.
Musobaqada eng yaxshi darvozabon, eng yaxshi himoyachi hamda to‘purar uchun sovrinlar ham topshirildi. Ularga homiylar tomonidan kompyuter va pochta xizmatidan bepul foydalanish vaucherlari sovg‘a qilindi.
Turnir keyinroq o‘zbekcha saylga aylanib etdi. Uni tomosha qilish uchun o‘zbekistonliklarning AQShda birga istiqomat qiladigan oila-a’zolari ham tashrif buyurgandi. Bolalar uchun masharaboz va sehrgarlar ishtirokidagi qiziqarli tomoshalar, Bouncy House, homiy “Lazzat” restorani tomonidan tayyorlangan milliy taomlar, katta qozonda damlangan to‘y oshi okean ortida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar ko‘nglini ko‘tardi.
Izoh (0)