O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Jamshid Najmiddinov WBC chempionlik kamarining sobiq egasi, ukrainalik Viktor Pastolga qarshi ringga chiqadi. Jang 16-sentabr kuni Ukraina poytaxti Kiyevda bo‘lib o‘tadi, deb ma’lumot berdi “Olamsport” nashri.
63,5 kilogramm vazn toifasida jang qiluvchi Jamshid Najmiddinov bungacha ko‘pchilik uchun notanish bo‘lgan. Vaholanki, shu vaqtga qadar bokschi 14 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida raqiblaridan ustun kelgan. Shularning 9 tasida qarshisida turgan bokschilarni nokautga uchratgan.
Professional boksdagi faoliyatini “Temurlang” promouterlik klubi bilan hamkorlikda davom ettirayotgan Najmiddinov AFCA kamarining amaldagi sohibi hisoblanadi. Promouterlik klubi rahbari Xusrav Nasrullayev navbatdagi jang ham o‘zbekistonlik sportchining g‘alabasi bilan yakuniga yetishiga ishonch bildirgan.
Ukrainalik Viktor Postol boks olamida ancha mashhur. U 2015—2016-yilgi mavsumlarda WBC chempionlik kamarini munosib himoya qilgan. 2016-yilning 23-iyul sanasida Trensi Krouford bilan jangda kamaridan ayrilgan. O‘sha mag‘lubiyat uning uchun yagona bo‘lib turibdi.
Jamshid Najmiddinov 1991-yilning 31-mart kuni Andijonda tavallud topgan.
Izoh (0)