5-sentabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi. JCh—2018 saralashining so‘nggi turi oldidan bir qator koreyalik jurnalistlar O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
“Championat.asia” xodimi koreyaliklarning mashg‘ulotini kuzatishga tashrif buyurdi va koreyalik hamkasbidan intervyu oldi. Avvalroq koreyalik jurnalist o‘z nashri uchun shunday taklif bilan chiqqan, keyin o‘zi ham o‘zbekistonlik hamkasbining savollariga javob qaytargan.
SpoTV jurnalisti Xyung Geun Joyengning qayd etishicha, Koreya matbuoti va muxlislar milliy terma jamoaning Eron ustidan zafar qucha olmaganidan qattiq g‘azablangan. Bu borada jamoa tanqidlar yomg‘iri ostida qolib ketgan. Axir, forslar maydonda bir kishi kam bo‘lib qolgandi.
Shunga qaramay, ikki kundan so‘ng futbol muxlislari ham, matbuot ham jamoaga qayta ishona boshladi. Suriya, Xitoy va O‘zbekiston termasidan farqli o‘laroq, JCh chiptasini hal qilish masalasi koreyaliklarning o‘z qo‘lida. Demak, jamoani qo‘llab-quvvatlash kerak.
Sizlarda holat birmuncha qiyinroq. O‘zbek matbuotini sinchikovlik bilan kuzatdik. Ayni paytda matbuot va muxlislar terma bosh murabbiyi Samvel Babayanga umuman ishonishmayotganidan xabarimiz bor. Butun O‘zbekiston Babayandan norozi. Guruhda muvaffaqiyatsizlikka uchragan barcha jamoalarda murabbiylar iste’foga chiqarildi. Xususan, bizda ham. Ammo faqat sizlarda bosh murabbiy hali ham ishlamoqda.Rostini aytaman, O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinini kuzatganim yo‘q. To‘g‘risi, bu o‘yinga qadar terma jamoangizni o‘rganishga ham to‘g‘ri kelmagandi. Lekin natijalaridan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, murabbiy iste’foga chiqmagani kutilmagan holat. Ochig‘i, Babayan nega iste’foga chiqmayotgani juda qiziq. Ayniqsa, Xitoyga qarshi o‘yindan keyin o‘zbek matbuoti Babayan haqida yozishdan to‘xtamayapti. Biz esa terma jamoangiz atrofidagi yomon kayfiyatdan to‘g‘ri foydalanib qolmoqchimiz.
Xyung Geun Joyeng, SpoTV jurnalisti
Jurnalistning ma’lum qilishicha, koreyaliklar O‘zbekiston termasidan kim xavfliroq ekanini ham yaxshi bilmaydi. Ular O‘zbekiston termasi deganda biror-bir futbolchini ko‘z oldiga ham keltira olmaydi.
Izoh (0)