Boks muxlislari orziqib kutgan jang — ring yulduzi Floyd Meyvezer hamda UFC yetakchisi Konor MakGregor to‘qnashuvi bir necha daqiqa oldin amerikalik sportchining g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
Professional boksda 49 ta jang o‘tkazib, ularning hammasida zafar quchgan va 26 bor raqiblarini nokautga uchratgan Floyd Meyvezer, o‘zining 50-jangida ham muvaffaqiyat qozondi. UFC orqali boksga kirib kelgan va professional ringda o‘zining ilk jangini o‘tkazgan Konor MakGrekor Meyvezerga qarshi 10 raund turib berdi.
MakGregor jangni ancha faol boshlab, dastlabki 4 raund davomida ustunroqdek ko‘ringandi. Biroq kuchni tejash borasida u baribir tajribali Meyvezerchalik bo‘la olmadi. 10-raundda ketma-ket zarbalar qabul qilib olgan MakGregorning holati jang referisini qanoatlantirmadi va mana shu raundda Meyvezerning texnik nokauti e’lon qilindi.
Shu tariqa Floyd Meyvezer o‘zining 50-jangida 50-g‘alabasini qo‘lga kiritib, katta sport bilan xayrlashdi.
Mazkur jangga chiqib kelgani uchungina Konor MakGregor 30 million dollar ishlab oldi. Floyd Meyvezerda esa bu ko‘rsatkich 100 millionni tashkil qiladi. Chiptalar, translyatsiyalar va g‘alabasi uchun beriladigan summalar bunda hisobdan tashqarida bo‘lib, ular yana alohida raqamlarni tashkil qiladi.
Izoh (0)