Oliy Majlisi Senati 11-yalpi majlisida “Surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qonun Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi, shuningdek, Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturini ijro etish maqsadida ishlab chiqildi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning muhimligini qayd etdi. Mazkur qo‘shimchalarda amalda tergovga qadar tekshiruv institutini takrorlaydigan surishtiruv institutini jinoyat-protsessual qonun hujjatlaridan olib tashlash nazarda tutilmoqda. Qonun jamiyatga katta xavf solmaydigan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni sudga qadar yuritishning soddalashtirilgan tartibini belgilab beradi.
Surishtiruv yuritish huquqi ichki ishlar organlariga, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentiga, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga va davlat bojxona xizmati organlariga berilmoqda.
Qonun bilan ijtimoiy xavfli bir qancha jinoyatlarni ichki ishlar organlaridan prokuratura organlari tergoviga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Senatorlar fikricha, qonunning qabul qilinishi tekshiruvning tezkorlik bilan o‘tkazilishini ta’minlash, tergovchilar ish sifatini oshirish, shuningdek, jinoyat ishlarini tekshirishda bir-birini takrorlashning oldini olish va sansolarlikni bartaraf etishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh (0)