Jeff Bezos Amazon aksiyalarining qiymati ortgani sabab Bill Geytsdan bir sutkada oldinga o‘tib, Forbes versiyasi bo‘yicha dunyoning eng boy odami deya topilgan bir paytda, Hermitage Capital Management’ning ijrochi direktori Uilyam Brauder ushbu unvonni boshqa shaxsga — Rossiya prezidenti Vladimir Putinga berdi. Bu haqda moliyachi Rossiyaning prezidentlik saylovlariga aralashuvi taxmini yuzasidan olib borilayotgan tergovda, AQSh Senatining Huquqiy qo‘mitasi oldidagi chiqishida so‘zladi, deb xabar berdi Insider Pro.
“Menimcha, Vladimir Putinning boyligi 200 milliard dollar turadi”, — deydi Uilyam Brauder.
Brauderning fondi bir vaqtlar Rossiyadagi eng katta investorlaridan hisoblangan, u “Gazprom”, “Surgutneftgaz” va boshqa bir qator kompaniyalarning aksiyalariga egalik qilgan.
2005-yilda Brauder uchun Rossiyaga kirish yopilgan. Moliyachining ta’kidlashicha, 2003-yilda “YuKOS” neft kompaniyasining egasi Mixail Xodorkovskiy hibsga olingach, Putin Rossiyadagi barcha oligarxlarni to‘plagan va foydani u bilan shaxsan bo‘lishishlarini taklif qilgan. Brauder birinchi bor 2015-yilda CNN’ga bergan intervyusida Putinning boyligini 200 milliard dollarga baholagan, biroq o‘shanda ham, undan keyin ham bunga isbot keltirmagan.
2007-yilda rossiyalik siyosatshunos Stanislav Belkovskiy Putinning boyligini 40 milliard dollarga baholagan, shuningdek, unga “Surgutneftgaz”ning 37 foiz aksiyasi, “Gazprom”ning 4,5 foiz aksiyasi hamda Shveysariyaning Gunvor neft treyderining kamida 50 foiz aksiyasi tegishli degan.
Rasmiy dekaratsiyaga ko‘ra, Rossiya prezidentining o‘tgan yildagi daromadi 8,86 million rublni tashkil etgan.
Izoh (0)