Bugun, 1-avgust kuni O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Huddi shu kabi imtihonlar Toshkent davlat yuridik universtiteti ham bo‘lmoqda. Avvalroq xabar berilganidek, joriy yilda ushbu universitet abituriyentlar oqimini hisobga olgan holda davlat imtihonlarni “O‘zekspomarkaz” pavilionlarida o‘tkazmoqda.
Ma’lumki abituriyentlar imtihonga telefon va boshqa elektron gadjetlarni olib kirishlari mumkin emas. Biroq o‘z topqirligi va ixtirochiligini ishga solayotgan abituriyentlar ham yo‘q emas.
“Novosti Uzbekistana”ning xabar berishicha, abituriyentlardan biri o‘z qo‘li bilan kichik elektron qurilmani yaratib test imtihonlaridan ikki kun oldin muassasa hojatxonalaridan biriga yashirib qo‘ygan. Test boshlanishi bilan u hojatxonaga chiqib kelishni iltimos qilgan. Yashirib qo‘yilgan joyidan o‘z qurilmasini olgach, hech narsa bo‘lmagandek yana paviliondagi joyiga qaytishni rejalashtirgan.
Biroq hojatxonadan qaytgan yigit yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazilganida uning yonidan “ixtiro” topilgan va u test imtihonlaridan chetlashtirilgan.
Vaziyatni qarangki, bu vaqtda bosh vazir Abdulla Aripov aynan ushbu universitet imtihonlarini ko‘rishga tashrif buyurdi. U elektron shpargalkani qiziqish bilan tomosha qildi va abituriyentning topqirligini baholab, unga Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga topshirishni maslahat berdi.
Izoh (0)