Toshkent shahrida 2017-yil boshidan buyon 400 dan ortiq fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik qilish jinoyati aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBBda 20-iyulda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, fohishaxona saqlash holati aniqlangan har bir xonadon ichki ishlar idoralari tomonidan xatlanadi. Xatlangan xonadonlar ulardagi holatga qarab, ya’ni xonadonda fohishaxona doimiy ravishda yuritilgan yoki yo‘qligiga qarab, xonadon sud ixtiyoriga topshiriladi.
Sud xonadonni davlat foydasiga musodara qilish yoki qilmaslik haqida qaror chiqaradi. Bunda har bir holatga alohida yondashilib, jinoyatning og‘irligi, uning sodir etilish sharoiti va holati sud tomonidan hisobga olinadi.
Agar fohishaxona saqlash jinoyati xonadonni ijaraga olgan ijarachi tomonidan sodir etilsa, sud tomonidan xonadon egasining jinoyatga aloqadorligi tekshiriladi. Qayd etilishicha, agar ijarachi fohishaxona saqlash jinoyatini sodir etsa va uy davlat foydasiga musodara qilinsa, uy egasi esa jinoyatga aloqador bo‘lmasa, jinoyat sodir etgan ijarachi uy egasiga uyning qiymatini to‘lab berishga majbur bo‘ladi. Bunda ham har bir jinoyatga alohida yondashiladi.
Izoh (0)