Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay tumani ovullari aholisi uchun ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Jumladan, 9,3 kilometr masofaga quvur yotqizilib, “Birleshik” ovul fuqarolar yig‘ini hududiga toza ichimlik suvi keltirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi tomonidan ajratilgan 502 million so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilgan bu loyiha tufayli "Birleshik" ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Abat jap”, “Qaratereng”, “Birleshik”, “Bog‘ ovul”, “Dadek ovul”, “Gellasqan”, “Sultash ovul”, “Baymaqli” ovullarida istiqomat qilayotgan 200 ga yaqin xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
—Qishlog‘imiz ahli bunday xayrli ishlardan behad xursand, — deydi qaraterenglik otaxon Aytboy Sag‘indiqov. — Birinchi marta quvurdan toza suv keldi. Endi ovulimiz yanada obod bo‘ladi. Bog‘-rog‘lar ko‘payadi, tomorqada ziroat yetishtirish mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)