Bir muddat ilgari Qatar Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr tomonidan mamlakatning diplomatik izolyatsiyasi to‘xtatilishi uchun bajarishi talab etiladigan 13 shartiga javob bergani, Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdurrahmon at-Taniy ushbu javobni yetkazish uchun Kuvayt amiri huzuriga yetib borgani ma’lum bo‘lgan edi. Qatarning mahalliy matbuotida mazkur javobda aks etgan ayrim tafsilotlar oshkor etildi, deb xabar beradi “TASS”.
Jumladan, aytilishicha, rasmiy Doxaning javobida Qatar Eron bilan aloqalarni saqlab qolgan yagona arab davlati emasligi, va arab davlatlari o‘z navbatida talablardan biriga amal qilib, Tehrondagi diplomatik vakolatxonalar darajasini tushirishi lozimligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, Doxa Turkiya harbiy bazasi yopilishi mumkin emasligini ta’kidlagan, bunga asos sifatida Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashi yo‘riqnomasi boshqa mamlakatlar bilan bunday hamkorlik o‘rnatilishini taqiqlamasligini ko‘rsatgan.
Al Jazeera telekanalini yopish talabiga javoban Qatar hukumati to‘rt arab davlatiga shunga mos ravishda boshqa kanallarni, jumladan, shtab-kvartiralari BAAda joylashgan Al Arabiya va Al Hadath kabi kanallarni yopishni taklif qilgan.
Ayni paytda Qohirada arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari kengashi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Qatarga nisbatan bundan buyon qanday yo‘l tutish masalasi hal etiladi.
Izoh (0)