Filippin Qurolli kuchlarining Mindanao oroli Janubiy Lanao provinsiyasida joylashgan Maravi shahri ostonalaridagi o‘z harbiylari pozitsiyalariga bergan aviazarbalari oqibatida kamida o‘n nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi, sakkiz nafari yaralandi. Bu haqda 1-iyun, payshanba kuni mamlakat milliy mudofaa vaziri Delfin Lorenzana ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Bir guruh harbiy xizmatchilarimiz aviazarbalarimiz nishoniga aylandi. Koordinatsiya yomon edi, shuning uchun o‘z odamlarimizga zarba berdik”, — deydi vazir.
Filippin milliy mudofaa vaziri, shuningdek, Maravi shahri ustidan nazorat o‘rnatish uchun to‘qnashuvlar davomida hukumat kuchlari kamida sakkiz nafar chet ellik yollanma askarni yo‘q qilganligini ma’lum qildi. Hodisa o‘tgan hafta yuz bergan.
Yo‘q qilingan jangarilar orasida Indoneziya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Yaman va Checheniston fuqarolari bor.
“Maute” terrorchilik guruhi jangarilari o‘n kun avval Maravi shahrini egallab olishga urindi. Hukumat qo‘shinlari aviatsiya va texnika ko‘magida shaharni jangarilardan deyarli to‘liq tozalab, 80 nafar ekstremistni yo‘q qilishga erishdi.
Izoh (0)