Joriy yilning 22–28-may kunlari Toshkent shahrida “O‘zbekkino” Milliy agentligi va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorligida V Yevropa kinolari festivali o‘tkaziladi. Bu haqda “O‘zbekkino” matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mazkur festival O‘zbekistonda 2013-yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan bo‘lib, asosiy maqsad Yevropaning zamonaviy filmlari bilan o‘zbek jamoatchiligini tanishtirishdan iborat.
Festival mobaynida Yevropaning 11 davlati kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan 13 ta badiiy, hujjatli va multiplikatsion filmlar namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani 19-may kuni soat 12:00 da Respublika Kinochilar uyining matbuot anjumanlari zalida o‘tkaziladi. Unda “O‘zbekkino” Milliy agentligi rahbariyati va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays ishtirok etishi belgilangan.
Shuningdek, festivalning rasmiy ochilish marosimi 22-may kuni soat 19:00 Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)