Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida davom etayotgan “Islom birdamlik o‘yinlari”da O‘zbekiston boks termasining besh a’zosi yarim finalga chiqqani haqida xabar berilgandi.
“Sports.uz” nashrining ma’lum qilishicha, eng yengil – 49 kilogrammgacha vaznda Mironshoh Ibrohimov yarim finalda suriyalik Xussin al-Masriy bilan raqobatlashib, 1:4 hisobida imokniyat boy berdi. O‘zbekistonlik bokschi mamlakat delegatsiyasi hisobida bronza medali olib keldi.
Uzbek Tigers jamoasining a’zosi, -52 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Abrorjon Qodirov yarim finalda marokashlik Abdulali Daraaga 1:4 hisobida yengildi va bronza medali bilan cheklandi.
-56 kilogramm vazn toifasidagi janglarda ishtirok etayotgan Abdulhay Shorahmatov yarim finalda Tayfur Aliyevni ishonchli tarzda (5:0) mag‘lubiyatga uchratib, final yo‘llanmasini naqd qildi. Oltin medal uchun bahsda o‘zbekistonlik bokschi turkmanistonlik Yoqub Meredov bilan kurash olib boradi.
-64 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Aliyor Noraliyev yarim final uchrashuvida qozog‘istonlik Kuan Kuatov bilan raqobatlashib, jangni 5:0 hisobida o‘z foydasiga hal qildi. Aliyor Noraliyev finalda misrlik Islom Muhammadga qarshi jang qiladi.
-69 kilogramm vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etayotgan Bobo Usmon Boturov yarim finalda suriyalik Ahmad Gossonni 5:0 hisobida taslim qilib, finalga yo‘llanma oldi. Oltin medal uchun bahsda u mezbonlar vakili Tamerlan Abdullayev bilan jang qiladi.
Musobaqaning final janglari bugun, Toshkent vaqti bilan 17:00 dan boshlanadi.
Izoh (0)