Kot-d’Ivuarda hukumatdan pul to‘lovlarini talab qilayotgan askarlar boshlagan harbiy isyon avjiga chiqmoqda. Bu haqda, Reuters’ga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Poytaxtda va bir qator boshqa yirik shaharlarda boshlangan otishmalar oqibatida mamlakatning iqtisodiy hayoti to‘xtab qoldi.
Mamlakatning iqtisodiy poytaxti Abijanda, kattalik bo‘yicha ikkinchi shahar — Buakeda, San-Pedro portida va kakao savdosi markazi bo‘lmish Daloa shahrida otishmalar davom etmoqda. Askarlar kazarmalardan shahar ko‘chalariga oqib chiqib, havoga qarata o‘q uzmoqda. Ayni paytda hukumatga sodiq qo‘shinlar isyonchilar egallab olgan tumanlarni o‘rab oldi.
Kot-d’Ivuar banklari uyushmasi mamlakatdagi barcha bank bo‘linmalarini yopish haqida qaror qildi. Abijan va Daloada ko‘plab firmalar va hukumat idoralari tartibsizliklar bois ishini to‘xtatdi.
Kot-d’Ivuarda ishlab chiqarish va eksportning asosiy bandi kakao bilan bog‘liq. Mamlakat iqtisodiyoti kakao narxining tushishidan zarar ko‘rmoqda. Iqtisodiy qiyinchiliklar bois harbiylarga pul to‘lash masalasida bahslar va ular keltirib chiqarayotgan g‘alayonlar yil boshidan buyon kuzatilmoqda.
Izoh (0)