27-aprel kuni Afg‘oniston va Amerika qo‘shinlarining hamkorlikda o‘tkazgan operatsiyasi jarayonida IShID terrorchilik tashkiloti yetakchisi Abdul Xasib yo‘q qilindi. Bu haqda AQSh qurolli kuchlarining Afg‘onistondagi qo‘mondoni Jon Nikolsonga asoslanib Reuters ma’lum qildi, deb xabar berdi “RIA Novosti”.
“Hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu muvaffaqiyatli operatsiya IShIDni yo‘q qilishdagi navbatdagi g‘alabali qadam hisoblanadi”, — dedi Nikolson.
Avvalroq, Xasibning yo‘q qilingani haqida Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ma’lum qilgan edi.
Afg‘oniston hukumati Xasib mamlakatdagi turli terrorchilik hujumlariga aloqasi bor deya hisoblaydi. Ma’lum qilishlaricha, o‘nlab tibbiyot xodimlari halok bo‘lgan Kobuldagi harbiy gospitalga hujumni IShIDning aynan shu yetakchisi tashkillashtirgan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)