Avstraliyaning Virgin Australia aviakompaniyasi yaqinda turmush qurgan Brendan va Juliya Uiddousondan ayolning aviachiptadagi qizlik familiyasini o‘zgartirish uchun 8,6 ming dollar so‘radi. Bu haqda “News.com.au” xabar berdi.
Brendan Uiddousson va Juliya Uollis Xorvatiya, Chernogoriya va Albaniya bo‘ylab to‘y sayohatiga chiqish uchun 2016-yilda aviachipta sotib olgan. Ular 2017-yil 14-mayda uchib ketishi kerak edi. Ikkalasi fevral oyida turmush qurgan. Shundan so‘ng Brendan aviakompaniyaning mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limidan xotinining chiptadagi familiyasini almashtirib berishni so‘ragan.
Biroq kompaniya vakili buning iloji yo‘qligini, ular o‘z buyurtmasini bekor qilib, qaytadan chipta sotib olishi kerakligini aytgan. Bundan tashqari, sayohatchilar bekor qilingan chipta uchun ham to‘lov amalga oshirishi kerakligi aytilgan.
Virgin Australia xodimlari bilan muzokaralardan so‘ng juftlikka BAAning Etihad Airways aviakompaniyasidan joy taqdim etildi. Biroq ular qo‘shimcha yig‘imlar uchun yana qariyb ming dollar to‘lashga majbur bo‘ldi.
Virgin Australia’ning tushuntirishicha, Xalqaro havo transporti uyushmasining talablariga ko‘ra yo‘lovchining band qilingan chiptadagi familiyasida eng ko‘pi bilan uchta harfni o‘zgartirish mumkin. Qolgan holatlarda band qilingan chipta bekor qilinadi va qaytdan sotib olinadi. Bu xavfsizlik talablari nuqtai nazaridan amalga oshiriladi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)