Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 31-mart kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan va Yevropa hamjamiyatlari hamda ularga a’zo davlatlar, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilik ta’sis etuvchi sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga ikki tomonlama to‘qimachilik Shartnomasining amal muddati tugaganini hisobga olib Bitim qoidalarining to‘qimachilik mahsulotlarining ikki tomonlama savdosiga kengroq ko‘lamda qo‘llash maqsadida Bitimga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida Bayonnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Bu haqda palata axborot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, qonun qabul qilinishi bilan savdoda eng qulay rejim qo‘llaniladi.
Bundan oldin ushbu rejim to‘qimachilik tovarlariga nisbatan qo‘llanilmagan bo‘lib, mazkur tovarlar savdosi O‘zbekiston va Yevropa hamjamiyati o‘rtasida to‘qimachilik mahsulotlarining savdosi to‘g‘risidagi shartnoma bilan tartibga solingan edi.
Unga ko‘ra Yevropa ittifoqi hududida O‘zbekistondan to‘qimachilik tovarlarini import qilish uchun ikkiyoqlama litsenziyalash tizimi amal qilgan edi. O‘z navbatida, mazkur qonun ushbu shartnomaga qilingan havolalarni to‘liq bartaraf etadi.
Umuman olganda, ushbu hujjat O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish va yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)