Braziliyaning Rio-de-Janeyro shtati prokuraturasi madaniy meros obyektiga shikast yetkazishda gumon qilinayotgan kanadalik xonanda Jastin Biberga nisbatan yana jinoiy ish qo‘zg‘adi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Gap 2013-yilda yuz bergan hodisa haqida ketmoqda. O‘shanda Rio-de-Janeyroda bo‘lgan Biber braziliyalik mashhur me’mor Oskar Nimeyer va uning hamkasbi Robert Burle Maks loyihalari asosida yaratilgan “Natsional” mehmonxonasi devorida yozuvlar qoldirgandi.
Ulardan birida “Shaxsiy hududni hurmat qiling” deb bitilgan. Rasmiylar bu holat yuzasidan tekshiruv boshlagan, biroq keyinchalik xonanda boshqa davlatda yashashi sababli ish yopilgandi.
Tergovni tiklash haqidagi qaror Biber yaqin orada Braziliyaga tashrif buyurishi bilan bog‘liq. 29-mart kuni u Rio-de-Janeyroda, 1—2-aprel kunlari esa San-Pauluda konsert berishi rejalashtirilgan.
Qo‘shiqchi o‘ziga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlar bilan 3 oy qamoq jazosiga hukm qilinishi yoki jarimaga tortilishi mumkin.
Izoh (0)