Yaman hukumati AQShga ushbu arab mamlakati hududida Amerika maxsus topshiriqli bo‘linmalari jangchilari ishtirokida terrorchilik guruhlariga qarshi kurash bo‘yicha quruqlikdagi maxfiy maxsus operatsiyalarni o‘tkazishni taqiqladi, deb yozadi “TASS”.
The New York Times gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh maxsus topshiriqli bo‘linmalarining “Arab yarim orolidagi Al-Qoida” terrorchilik guruhi shtab-kvartirasiga uyushtirgan so‘nggi reydi fuqaro shaxslar halok bo‘lishiga olib kelgach, Yaman hukumati amaldagi ruxsatnomani qaytarib olgan.
Nashr ta’kidlashicha, taqiq haqida na Pentagon va na Yaman tomoni rasman e’lon qilgan. Gazetaning Amerika harbiy tuzilmalaridagi manbalariga ko‘ra, Yaman hukumati qarori AQSh ushbu arab mamlakatida terrorchilarga aviazarbalar berishda qo‘llaydigan uchuvchisiz uchar qurilmalar ishtirokidagi operatsiyalarga daxldor emas.
AQSh harbiy-dengiz kuchlari maxsus topshiriqli bo‘linmalarining yuqorida tilga olingan reydi Yamanda 29-yanvar kuni amalga oshirilgan edi. Uni o‘tkazish chog‘ida bir nafar amerikalik harbiy xizmatchi, shuningdek, mahalliy aholi vakillari halok bo‘lgan edi. Terrorchilar tomonida esa 14 kishi yo‘q qilingan edi.
Izoh (0)