O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-fevraldagi qarori (pdf) bilan 2017—2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturini tasdiqladi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Hujjatga muvofiq, mamlakat bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev rahbarligidagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Komissiyaning o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiy deb belgilab qo‘yildi.
Komissiya tarkibiga Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Yuqori va Oliy xo‘jalik sudi, Savdo-sanoat palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Qonunchilik palatasi qo‘mitasi va Senat qo‘mitasi, “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari, “Kamolot” harakati rahbarlari, ombudsman va boshqalar kirdi.
Davlat dasturida mamlakatda huquqiy ta’limni va ma’rifatni tubdan yaxshilashga, shuningdek, jamiyatda huquqiy bilimlar targ‘ibotiga qaratilgan, jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish Milliy dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)