Toshkentdagi to‘ylardan birida kuyovning kelin uchun tayyorlagan raqsi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Mazkur videoda kuyov to‘yga tashrif buyurgan do‘stlari bilan birgalikda ajoyib va noodatiy tarzda raqsga tushganini ko‘rish mumkin. Qayd etish joizki, bunday holat O‘zbekistondagi to‘ylarda ilk marotaba uchrashi, deb yozadi “Darakchi.uz”.
Kuyov jahon estradasidagi eng xit taronalar sadolari ostida kelinning qarshisida raqsga tushgan, kelin esa bu manzarani zavq bilan tomosha qilgan.
Facebook ijtimoiy tarmog‘iga joylangan videoga internet foydalanuvchilari o‘z fikrlarini yozib qoldirgan. Aksariyat internet foydalanuvchilari kuyovning raqsiga nisbatan ijobiy fikr bildirmoqda.
“Juda yaxshi fikr. To‘y kelin va kuyovniki bo‘lishi kerak. Bir marta to‘y bo‘ladi shu sababli kelin-kuyov o‘ynab-kulib, to‘yini shod-xurramlik bilan o‘tkazishi kerak”, — deb yozadi foydalanuvchilardan biri.
Mazkur izohlarga kuyovning o‘zi ham quyidagicha javob yozgan:
“Shunchaki, kimdir uchun emas, rafiqam uchun chin dildan harakat qildim. Do‘stlarimga tashkiliy ishlar uchun minnatdorchilik bildiraman. O‘ylashimcha, olti soat repetitsiyadan so‘ng raqs ko‘ngildagidek chiqdi. Videoni kimdir Facebook’ga joylashtiradi, deb o‘ylamagandim. Raqsim kimgadir yoqqan bo‘lsa, xursandman! Hammaga rahmat!”.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur videodagi kelin-kuyovning ismi Alisher va Kamola. To‘yning qaysi restoranda va qachon bo‘lgani esa noma’lum.
Raqs so‘ngida kuyov va uning do‘stlari kelinga shardan yasalgan gullar taqdim etib, davraga kelinni ham taklif qildi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)