Har bir uyda keraksiz, ammo tashlashga ko‘zingiz qiymaydigan narsalar bo‘ladi. Maqolamiz bunday narsalardan boshqa maqsadlarda ham foydalanish mumkinligi to‘g‘risida yozilgan.
Changyutgich trubasi oxiriga eski kolgotka parchasini joylashtirib, uyda zirak va shunga o‘xshash mayda-chuyda yo‘qolgan narsalarni ko‘rish qiyin bo‘lgan joylardan changyutgich yordamida izlab topsangiz bo‘ladi.
Pishirgan quymog‘ingiz bir xil kattalikda chiqishi uchun ketchup butilkasidan suyuq xamirga dozator yasash mumkin.
Bo‘sh plastik butilka yordamida tuxum sarig‘ini oqidan ajratib olish mumkin. Butilkani qo‘lingiz bilan qisib turib tuxum sarig‘iga yaqinlashtiring va qo‘lingizni qo‘yib yuborsangiz tuxum sarig‘i butilka ichiga o‘zi joylashib oladi.
Tunuka choy qutichalari shunday chiroyli yasalganki, ularni tashlashga ko‘z qiymaydi. Bu qutichalarni uyda xushbo‘y shamlar uchun shamdon qilish mumkin.
Shokolad konfetlari qutisiga esa bo‘linmalarining kattaligiga qarab har xil mayda-chuydalarni joylashtirib qo‘ysangiz ham bo‘ladi.
“Tik-tak” qutichasidan yo‘lga chiqqaningizda tuz, murch va boshqa ziravorlarni olib yurish uchun foydalansangiz bo‘ladi.
Izoh (0)