Madridning “Real” jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 2016-yil hisobidan 4 ta jamoaviy va 3 ta individual mukofotga sazovor bo‘ldi.
Portugaliyalik 31 yoshli futbolchi avval “Real” bilan YChL g‘olibi, keyin Portugaliya termasi bilan Yevropa chempioniga aylandi. Yevro–2016 finalida olingan jarohati tufayli Ronaldu “Sevilya”ga qarshi UEFA Superkubogida ishtirok eta olmagandi, shunga qaramay “Real” 3:2 g‘alaba qozongandi. Keyinroq “Real” hujumchisi UEFA versiyasi bo‘yicha eng yaxshi futbolchi deb tan olindi.
Dekabr oyi o‘rtalarida portugaliyalik futbolchi France Football nashri tomonidan yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va “Oltin to‘p” mukofoti bilan taqdirlandi.Ronaldu “Real” safida Yaponiyada bo‘lib o‘tgan klublar o‘rtasidagi JChda g‘olib bo‘ldi. Turnir davomida 4 ta gol kiritgan Ronaldu musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.
Nihoyat, 9-yanvar kuni Shveysariyaning Syurix shahrida bo‘lib o‘tgan FIFAning taqdimot marosimida Krishtianu Ronaldu 2016-yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va FIFA ta’sis etgan The Best mukofotiga sazovor bo‘ldi.Bundan tashqari, Ronaldu Globe Soccer Awards talqini bo‘yicha 2016-yilning eng yaxshi futbolchisi nomiga loyiq deb topilgandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)