BAAning Dubay shahrida Globe Soccer Awards talqini bo‘yicha 2016-yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Championat.asia” nashrining ma’lum qilishicha, Portugaliya terma jamoasi va “Real” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Globe Soccer Awards talqiniga ko‘ra 2016-yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
31 yoshli hujumchi taqdirlash marosimida ishtirok eta olmagan bo‘lsa-da, u videokonferensiya orqali tadbir ishtirokchilari bilan aloqaga chiqdi. Portugaliyalik futbolchi faoliyatida to‘rtinchi marta Globe Soccer Awards’ning yil futbolchisi mukofotini qo‘lga kiritdi.
Ronaldu 2015/16-yilgi mavsumda “Real” bilan YChL g‘olibi, Portugaliya termasi bilan esa Yevro–2016 chempioniga aylangan Krishtianu Ronaldu France Football nashri tomonidan yilning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan “Oltin to‘p” mukofoti bilan taqdirlangandi. Bu uning faoliyatidagi to‘rtinchi “Oltin to‘p” mukofoti bo‘ldi.
“Real Madrid” 2016-yilning eng yaxshi klubi deb e’tirof etilgan bo‘lsa, Portugaliyani Yevropa chempioniga aylantirgan Fernandu Santush yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi.Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) tomonidan 2016-yilning eng yaxshi hakami deb tan olingan britaniyalik Mark Klattenburg Globe Soccer Awards talqini bo‘yicha ham joriy yilda tengsiz bo‘ldi. Qayd etish joiz, 2015-yilda o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov ushbu sovringa loyiq deb topilgandi.
“Barselona”, “Chelsi”, “Everton” va “Anji” kabi klublarda to‘p surgan Samuel Eto’O “Faoliyatidagi yutuqlari uchun” sovrini bilan taqdirlandi. Mino Rayola yil agenti, “Real” prezidenti Florentino Peres “Eng yaxshi klub prezidenti” nomiga sazovor bo‘ldi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)