Xitoy–AQSh startapi — Lucid Motors kompaniyasi Air nomli elektromobil prototipini rasman namoyish qildi, deb xabar bermoqda Motor. Tesla Model S rusumli elektromobilga raqobatchi bo‘lishi kutilayotgan yangi mashinalar seriyasi 2018-yilda ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Lucid Air ikkita elektr agregat bilan jihozlangan: biri old, ikkinchisi orqa qismdagi o‘qqa o‘rnatilgan. Mazkur avtomobil 2,5 soniya ichida 96 kilometrgacha tezlik olishi mumkin. Uning maksimal tezligi esa soatiga 315 kilometrni tashkil etadi.
Xaridorlarga akkumulyator hajmi 100 va 130 KVt/soat bo‘lgan komplektdagi elektrokarlar taklif qilinadi. Hajmi soatiga 130 kilovatt bo‘lgan mashina qayta quvvatlanishsiz 643 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin. Taqqoslash uchun, xuddi shunday hajmdagi Tesla Model S 506 kilometr masofani bosib o‘tadi.
Yangi avtomobil “haydovchisiz haydashga tayyorgarlik” to‘plami bilan jihozlangan bo‘lib, u kichik radiusli radar, videokamera va uzoqni o‘lchaydigan optik asbob – LIDAR’ni o‘z ichiga oladi.
Lucid Motors kompaniyasi Air elektrokarlarini ishlab chiqarish uchun 2017-yili AQShning Arizona shtatida o‘z korxonasini tashkil qilmoqchi. Unga 700 million dollar investitsiya qilinadi. 2018-yili kompaniya 250 ta elektromobil ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Keyinroq ishlab chiqarish hajmi oshiriladi.
Lucid Air elektromobilining taxminiy narxi 100 mingdan 160 ming dollargacha bo‘ladi. Keyinchalik kompaniya narxi 65 ming dollar bo‘lgan elektromobil seriyasini ham ishlab chiqarmoqchi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)