Angliyaning Xartlpul shahri yaqinidagi Blekxoll Kolliri qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 5 yoshli bolakay — Bredli Louri “Sanderlend” futbol klubiga muxlislik qiladi.
Angliya chempionati 16-turidagi “Chelsi”ga qarshi o‘yinda Bredli Louri “Sanderlend”ning timsoli sifatida maydonga chiqib keldi.
“Chelsi” jamoasi a’zolari Bredliga klub futbolkasini hadya qilib, keyinroq u bilan chigalyozdi mashqlarini o‘tkazdi.
“Sanderlend” futbolchilari esa uni o‘zlari bilan maydonga olib chiqdi.
Chigalyozdi mashqlari vaqtida yosh futbol ishqibozi 11 metrlik nuqtadan gol urishga ham muvaffaq bo‘ldi.
2013-yili 2 yashar bolakayda neyroblastoma — asab tizimining zararli o‘simtasi aniqlangan edi.
Uni AQShda davolash uchun 700 ming funt-sterling mablag‘ yig‘ildi. Jumladan, bu pulning 200 mingi “Everton” klubi tomonidan xayriya qilingan edi.
Bredli davolanish kurslarini o‘taganiga qaramay, uning xastaligi ortga chekinmayapti. O‘tgan hafta 5 yoshli bolakayning onasi Jemma saraton rivojlanishda davom etayotgani va navbatdagi davolash kurslari Bredlining hayotini uzaytirishgagina yordam berishini ma’lum qildi.
Bredli Louri “Sanderlend”ning timsoli bo‘lib chiqqan o‘yinlarning 5-daqiqasida butun stadion unga qarsak chaladi. Bu holat “Everton”ga qarshi o‘yinda ham kuzatilgan edi.
Ta’kidlash kerakki, Angliya futbol hamjamiyati xasta, e’tiborga muhtoj kishilar, ayniqsa, bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirishga qaratilgan ijtimoiy tadbirlarni muntazam tashkil etadi, zarurat tug‘ilganda, yordam mablag‘larini to‘playdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)