“Yoshlar haftaligi”ning ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumani davomida ishtirokchi yoshlar tomonidan bir qator savollar berildi va ularga atroflicha javoblar olindi. Bu haqda “Daryo”ga “Kamolot” YoIH matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sunnatillo Vahobov, talaba:
“Oldinlari ‘MIT.uz’ tanlovi ‘Axborot haftaligi’ doirasida bo‘lib o‘tardi, 2016-yilda esa ‘Yoshlar haftaligi’ doirasida o‘tkazilmoqda. Bunda qanday yangilik bor?”
Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari:
“‘MIT.uz’ loyihasini o‘tkazishdan asosiy maqsad — yoshlar uchun mo‘ljallangan ijobiy mazmundagi eng yaxshi internet resurslarini yaratish, ko‘paytirish, mavjudlarini aniqlash va rag‘batlantirish, veb-resurslar yaratuvchilari diqqat-e’tiborini internet texnologiyalaridan mas’uliyatli, axborot madaniyati talablari doirasida hamda xavfsiz foydalanish muammosini hal etish, internetning yoshlar uchun mo‘ljallangan segmentini kengaytirish va rivojlantirish. 2016-yilda ‘MIT.uz’ loyihasi doirasida ikkita yangi tanlov o‘tkazilmoqda. Bular ‘Xakaton’ hamda ‘Robotlar jangi’ bellashuvlaridir”.
Shahnoza Samatova, “Kamolot” YoIH faoli:
“Barchamizga ma’lumki, ‘Yoshlar haftaligi’ doirasida ‘Talabalar teatr studiyalari festivali’ o‘tkaziladi. Ushbu festivalda g‘olib bo‘lgan jamoa a’zolari qanday rag‘batlantiriladi?”
Majidov Inom Urushevich, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari:
“‘Talabalar teatr studiyalari festivali’da professional bo‘lmagan yoshlar ishtirok etadi. Bu ham albatta yoshlarimizning qobiliyati va iqtidorini yuzaga chiqarishga yana bir imkoniyat. Bugungi kunda bunday faol yoshlarimizni rag‘batlantirishni takomillashtirmoqdamiz. Balki bakalavr talabasi uchun magistraturaga o‘qishga kirishda imtiyozlar yaratilar”.
Izoh (0)