Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) sobiq prezidenti Yozef Blatter Sport arbitraj sudi (CAS)ning qarori bo‘yicha Shveysariya federal sudiga apellyatsiya bermaydi. Bu haqda, AFP’ga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
CAS Yozef Blatterning futbolga oid faoliyatdan 6 yilga chetlatilish muddatini qisqartirish apellyatsiyasini rad etgandi.
“Men ushbu qarorni qabul qilaman va Shveysariya federal sudiga apellyatsiya bermayman. Shamol tegirmonlari bilan kurashishni istamayman. Menga sog‘liq, oilam va boshqa loyihalar muhimroq”, – dedi Blatter.
Ma’lumot uchun, 2011-yilda FIFA sobiq prezidenti Yozef Blatter Yevropa futbol ittifoqi (UEFA) sobiq rahbari Mishel Platiniga 2 million Shveysariya frankini noqonuniy ravishda o‘tkazib bergani uchun 2015-yilning dekabr oyida sakkiz yilga har qanday futbol faoliyatidan chetlashtirilgandi. Keyinchalik ushbu chetlashtirish olti yilga qisqartirildi.
Shunday so‘ng, Platini CAS’ga chetlashtirish muddatini qisqartirish bo‘yicha apellyatsiya berdi. Uning apellyatsiyasi qisman qoniqtirildi – diskvalifikatsiya muddati olti yildan to‘rt yilgacha, jarima miqdori 80 mingdan 60 ming yevrogacha qisqardi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.