Angliyaning “Manchester Siti” jamoasi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Angliya terma jamoasi va “Manchester Yunayted” sardori Ueyn Runining ichkilikbozlik bilan bog‘liq voqeaga o‘z munosabatini bildirib, 31 yoshli futbolchini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “iSport.ua” xabar bermoqda.
“Futbolchi bo‘lganimda mamlakat termasiga chaqirilar va xalqaro o‘yinlardan so‘ng ba’zida spirtli ichimliklar iste’mol qilardim. Hech qanday suratlar tarqalmagani omadim bo‘lgan. Jurnalistlar ham ichib turadi. Hamma o‘z qilmishi uchun javob berishi kerak. Runini nafaqat inson sifatida, balki ajoyib futbolchilik faoliyati uchun ham hurmat qilaman. Bu voqeaga izoh bera olmayman, chunki har bir insonning shaxsiy hayoti bo‘ladi”, – dedi ispaniyalik mutaxassis.
Runi Angliya termasining Ispaniyaga qarshi 2:2 hisobida yakunlangan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushmadi. “Uch sherlar” bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Garet Sautgeyt hujumchi tizza jarohati tufayli maydonga tusha olmaganini ta’kidlagandi. Biroq Buyuk Britaniya matbuoti, xususan, The Sun nashri Ueyn Runi ichkilikbozlikka berilgani uchun terma jamoa tarkibidan joy olmagani haqida xabar bergan.
Uning suratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, 16-noyabr kuni 31 yoshli futbolchi rasman uzr so‘ragan.
Bundan xabar topgan Angliya futbol uyushmasi (FA) Ueyn Runi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borishi haqida xabar qilingandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)