Italiyaning “Milan” jamoasi yarim himoyachisi Keysuke Xonda Xitoyning “Shanxay SIPG” klubidan taklif olmagan va milanliklar safida qolmoqchi. Bu haqda yaponiyalik futbolchining agenti hisoblangan akasi Xiroyuki Xonda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Avvalroq “Shanxay SIPG” klubining yangi bosh murabbiyi Andre Villash-Boash qishki transfer oynasida jamoa tarkibini kuchaytirib, Xondaning nomzodini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi.
“Men ‘Shanxay’ klubidan taklif bo‘lgani haqida eshitdim, ammo bu ma’lumot qayerdan paydo bo‘lganini bilmayman. Biz Xitoydan hech qanday aniq taklif olmaganmiz. Xonda jismonan tetik ekanini va nimalarga qodir ekanini yaxshi biladi. Uning ‘Milan’ bilan amaldagi shartnomasi joriy mavsumning oxirigacha mo‘ljallangan”, – dedi agent.
“May oyida ‘Milan’ rahbariyati bilan kelishuvni uzaytirish haqida muhokama qilganmiz. Hozircha xo‘jayinlarning o‘zgarishini kutib, ular nima istayotganini bilib olishimiz kerak. Biz xotirjammiz va mavsum yakunini kutamiz”, – deb qo‘shimcha qildi Xiroyuki Xonda.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)