Tesla 2017-yildan boshlab o‘zi ishlab chiqargan elektromobillar egalarining kompaniyaga qarashli quvvatlantirish stansiyalaridan bepul foydalanishini to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya tomonidan tarqatilgan bayonotda ma’lum qilindi, deya xabar beradi “TASS”.
Mazkur bayonotga ko‘ra, 2017-yil yanvaridan keyin buyurtma qilingan barcha Tesla avtomobillari egalari 400 kilovatt-soat (1,6 ming kilometr harakatlanish uchun yetadi) bepul quvvatlantirish uchun maxsus kartalar oladi. Ushbu limit tugagandan so‘ng mijozlar mashinasini quvvatlantirgani uchun haq to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Xizmat haqi miqdori hozircha ma’lum qilinmadi.
Shu bilan birga, joriy yil oxirigacha Tesla avtomobillarini xarid qilishga ulgurganlar kelgusida quvvatlantirish stansiyalaridan foydalangani uchun pul to‘lashi ko‘zda tutilmagan.
Ma’lumot uchun, hozirda dunyo bo‘yicha kompaniyaning 730 dan ortiq quvvatlantirish stansiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan aksariyati AQShda joylashgan. Stansiyada yarim soat atrofida quvvatlanish bilan avtomobil taxminan 270 kilometr yurishi mumkin.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)