O‘zbekistondagi to‘rt oliy o‘quv yurti Erasmus+ dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi universitetlari bilan uzoq istiqbolli hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda, Yevroittifoqning Toshkentdagi delegatsiyasiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Hamkorlik dasturida Guliston davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali, Navoiy davlat pedagogika instituti va Nukus davlat pedagogika instituti ishtirok etadi.
Erasmus+ dasturi tanlovi yakunlariga ko‘ra Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining yangi loyihasi moliyalashtiriladigan bo‘ldi. Uning negizida Jan Monne nomidagi Yevropa huquqi va siyosati kafedrasi tashkil etiladi, shuningdek, magistratura uchun yangi fanlararo kurs ishlab chiqiladi.
Joriy yilda Erasmus+ doirasida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha yettita loyiha tanlab olindi. Toshkentdagi olti hamda respublikaning o‘n mintaqasidagi 16 oliygoh Yevropaning 15 mamlakatida joylashgan 23 universitet bilan hamkorlik qiladi. O‘zbekistonning 38 oliygohidan 240 vakil Yevropaning 45 universitetida stajirovkadan o‘tishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Yevropadan 100 ga yaqin o‘qituvchi va doktorant ma’ruzalar o‘qish, tadqiqotlar o‘tkazish va tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Izoh (0)