Pentagon oktabr oyida “Al-Qoida” terrorchilik guruhi yetakchilaridan biri Farruh al-Kahtoniy Afg‘oniston sharqida yo‘q qilingani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi, deb yozadi “Interfaks”.
“Amerikalik harbiylar tomonidan 23-oktabr kuni Afg‘onistonning Kunar shahrida mo‘ljallab o‘t ochilishi natijasida ‘Al-Qoida’ boshliqlaridan biri Farruh al-Kahtoniy yo‘q qilinganini tasdiqlashga tayyormiz. U ‘Al-Qoida’ning sharqiy Afg‘onistondagi tarmog‘i rahbari va AQShga qarshi hujumlarning asosiy tashkilotchilaridan biri bo‘lgan”, — deyiladi AQSh mudofaa vazirligi rasmiy vakili Piter Kukning bayonotida.
Pentagon o‘sha kuni boshqa zarba natijasida halok bo‘lgan Afg‘onistondagi “Al-Qoida”ning yana bir yetakchisi Bilol al-Mutaybiyning o‘limi haqidagi ma’lumotlarni tekshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston rasmiylari “Al-Qoida” terrorchi guruhining ikki yetakchisi yo‘q qilinganini tasdiqlagan edi.
Izoh (0)