Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe mamlakatning yangi bosh vazirini tayinladi. Ushbu lavozimdagi Xvan Ge Anning o‘rnini Kim Ben Jun egalladi. Bu haqda Bloomberg agentligi ma’lum qildi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Bundan avval Kim Ben Jun Janubiy Koreyaning bundan avvalgi prezidenti No Mun Xening siyosiy maslahatchisi bo‘lgan. Mamlakatning moliya vaziri lavozimiga Im Jon Yun tayinlandi.
Hukumat tarkibida o‘zgarishlar Pak Kin Xe va uning dugonasi Chxve Sun Sil atrofida yuzaga kelgan siyosiy mojaro bilan bog‘liq deb taxmin qilinmoqda. Davlat rahbari jamoasining rasmiy a’zosi bo‘lmagan Chxve Sun Silning prezident ommaviy chiqishlari matnini tahrirlab turganligi Janubiy Koreya jamiyati va mamlakat siyosiy doiralarida norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi.
Ekspertlar yangi tayinlanishlarni Pak Kin Xening aholining mamlakat hukumatiga ishonchini tiklashga urinishi deb hisoblamoqda.
Izoh (0)