Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi rahbariyati va futbolchilari 28-oktabr, juma kuni poytaxtdagi 23-sonli mehribonlik uyiga tashrif buyurdi. Bu haqda “temiryo‘lchilar”ning Telegram’dagi kanali orqali ma’lumot berildi.
Uchrashuv avvalida “Lokomotiv” sardori Temur Kapadze mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga klub va futbolchilar haqida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng, tarbiyalanuvchilar futbolchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.
Suhbat davomida Islom To‘xtaxo‘jayev, Server Jeparov hamda Ignatiy Nesterov kabi o‘yinchilar katta futbolga qay tariqa kirib kelgani, muhim uchrashuv va musobaqalar oldidan qanday tayyorgarlik olib borishi hamda yosh bolalarning o‘zlari kabi mashhur sportchi bo‘lib yetishish uchun nimalar qilishi lozimligi haqida gapirib o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida “Lokomotiv” a’zolari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga turli sovg‘alar va sport anjomlarini taqdim qildi hamda ular bilan esdalik uchun suratga tushdi.
Izoh (0)