Ajrashish jarayonida bo‘lib turgan amerikalik aktyorlar Anjelina Joli va Bred Pitt Yangi Orlean (Luiziana shtati)dagi uch qavatli uyini 4,9 million dollarga sotib yubordi. Bu haqda Associated Press agentligiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Uy adolatli narxga sotildi. Bu har ikki tomon uchun yaxshi kelishuv bo‘ldi”, – deb mol-mulk agentligi xodimi Nina Kayllin so‘zlaridan iqtibos keltiradi Associated Press.
Pitt va Joli 1830-yillarda qurilgan ushbu uyni 2007-yili 3,5 million dollarga sotib olgandi. Unda beshta yotoqxona, uchta hojatxona va ikkita vannaxona bor.
Anjelina Joli ajrashishga ariza bergach, farzandlari bilan Gollivuddagi dang‘illama hovlisidan Malibudagi qishloqlarga xos uyiga ko‘chib o‘tgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 20-sentabr kuni Anjelina Jolining advokati uning mijozi Bred Pitt bilan ajrashmoqchi ekanini tasdiqladi. Nikohni bekor qilish uchun asos sifatida aktrisa eri bilan, xususan, bolalarni tarbiyalash masalasida jiddiy ixtilofdaligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 2004-yildan buyon uchrashib yurgan Joli va Pitt 2014-yilda nikohdan o‘tgan edi. Juftlik uch farzand ko‘rgan, shuningdek, uch bolani asrab olgan.
Izoh (0)