Boeing kompaniyasi vertikal holatda havoga ko‘tarilib-qo‘nadigan yo‘lovchi samolyotni patentlashtirdi. Bu haqda The Business Insider’ga tayanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
Samolyot har bir qanotida vertikal va gorizontal holatda qayrila oladigan ikkita parrak bilan jihozlangan. Vertikal holatda ular havoga ko‘tarilish va qo‘nish uchun ishlatiladi. Parvoz vaqtida esa parraklar gorizontal holatni qabul qiladi.
Olingan patentga ko‘ra, yangi samolyot tijorat maqsadlarida foydalanilsa, kamida 100 yo‘lovchini tashishi mumkin bo‘ladi. Havo kemasini, shuningdek, harbiy maqsadlar yoki shaxsiy samolyot sifatida ishlatish mumkin.
Xabarda qayd etilishicha, 2007-yildan buyon harbiylar vertikal holatda havoga ko‘tarilib-qo‘nadigan V-22 Osprey samolyotidan foydalanib keladi. Havo kemasi Boeing va Bell kompaniyalari hamkorligida qurilgan.
Qayd etish joiz, sentabr oyida AQSh patentlash va mahsulot belgisi bo‘yicha vazirligi vertikal holatda ko‘tarilib-qo‘nadigan gibrid samolyot ustida ishlayotgan Airbus kompaniyasining patentini ro‘yxatdan o‘tkazgan edi.
Izoh (0)